Korrupsiyaga qarshi kurash – jamoat mas'uliyati

Korrupsiyaga qarshi kurash – jamoat mas'uliyati

Korrupsiya – har qanday jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid soluvchi illatlardan biridir. U nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki davlatga bo‘lgan ishonchga, ijtimoiy adolat tamoyillariga ham putur yetkazadi. Shu sababdan O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Mamlakatimizda aynan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, qonunchilik bazasi mustahkamlanib, davlat idoralarining faoliyati yanada shaffoflashtirildi, aholi murojaatlari va arizalarini tezkor hal etish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda korrupsiya xavfini kamaytirish maqsadida davlat xizmatlari bosqichma-bosqich raqamlashtirilib, inson omili ta’sirini minimallashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, universitetda “Komplayens-nazorat” tizimi joriy etilgan bo‘lib, bu tizim orqali barcha ta’lim jarayonlari, moliyaviy va ma’muriy faoliyat shaffof tarzda olib borilishi ta’minlanmoqda.

Talabalarning bilimi va malakasini baholash jarayonida har qanday adolatsizlikning oldini olish uchun nazorat tizimi takomillashtirilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazilib, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida qonuniy xabardorlikni oshirishga qaratilgan seminarlar tashkil qilinmoqda.

Barchamiz bilamizki, korrupsiya jamiyat rivojiga to‘siq bo‘ladigan eng xavfli omillardan biri. Shu bois unga qarshi kurashish – faqat davlat organlarining emas, balki har bir fuqaroning vijdoniy burchidir. Shaffoflik, halollik va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida hamkorlikda harakat qilsak, korrupsiyasiz kelajakka erishishimiz shubhasiz.

Ch. Fayziyeva.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar
universiteti Toshkent filiali Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat”
tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i


Foydali manzillar