Diniy ekstremizm va yot g‘oyalarga qarshi kurashish bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Diniy ekstremizm va yot g‘oyalarga qarshi kurashish bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialida “Talabalar xavfsizligi kuni” doirasida talaba-yoshlar o‘rtasida diniy radikalizm va ekstremizmning oldini olish, yot g‘oyalarga qarshi kurashish, noto‘g‘ri diniy tushunchalarni bartaraf etish maqsadida 170 nafardan ziyod talabalar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni profilaktika katta inspektori, podpolkovnik O‘.Xalikov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi globallashuv sharoitida yoshlarning ongini turli yot g‘oya va radikal oqimlardan asrash, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash zarurligini alohida ta’kidladi.

 

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi vakili Zokirjon Mardonov ishtirok etib, diniy ekstremizm va aqidaparastlikning salbiy oqibatlari, noto‘g‘ri tushunchalarning shakllanish sabablari hamda ularga qarshi kurashish yo‘llari haqida talabalarga batafsil ma'lumotlar berdi. Shuningdek, sof diniy tushunchalar va ularning asl mazmun-mohiyati haqida asosli dalillar bilan keng tushuntirishlar olib bordi.

 

Tadbirda Texnologiyalar fakulteti dekani O.Kuchchiyev hamda Iqtisodiyot fakulteti dekani N.Utapovlar ishtirok etdi. Suhbat davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, kerakli javoblar va xulosalarni olishdi.

Tadbir yakunida Texnologiyalar fakulteti dekani O.Kuchchiyev so‘zga chiqib, talaba-yoshlar nomidan Zokirjon Mardonovga tashakkur bildirib, bu kabi ochiq va mazmunli uchrashuvlar talaba-yoshlar dunyoqarashini shakllantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

 

Mazkur davra suhbati talabalarda mavjud bo‘lgan noto‘g‘ri diniy tushunchalarni bartaraf etish, ularning ongida mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga xizmat qildi.

Matbuot kotibi: A.Ergashev


Foydali manzillar